Amerikalik professor O'zbekistondagi talabalarini eslaydi
Nasiba Tohir Vashington 31/03/2009
Toshkentda
AQSh elchixonasi ayni damda bir yillik almashinuv dasturiga hujjat qabul
qilmoqda.
Tanlov g'oliblariga Fulbrayt (Fulbright) dasturi asosida AQSh
universitetlarida bir yil o'qish imkoniyati taklif etiladi.
Bu borada to'liq
ma'lumotlarni elchixona sayti – www.usembassy.uz
dan olish mumkin.
Biroq yoshlar
o'zga yurtga borishdan oldin, u yerning tartib-qoidalarini bilib qo'ysa zarar
qilmaydi.
Har holda boshqa davlatda domlaga munosabat, kiyim-bosh, darslar va
baholash – hammasi farq qiladi.
Erik Fridman O'zbekistondagi studentlarini juda tarbiyali va itoatkor, tahliliy fikrlashdan yiroq yoshlar sifatida xotirlaydi
"Amerika ovozi" O'zbekistonda ta'lim bergan
amerikalik professor Erik Fridman bilan ana shu tafovutlar haqida suhbatlashdi.
Michigan
Davlat Universiteti professori Erik Fridman (Eric Freedman) 2001-2002 o'quv yilida O'zbekiston Jahon
Tillari Universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan.
"O'zbekistonlik
talabalarim uchun domlaning aytgani aytgan edi", - deydi u.
"Juda
tarbiyali va itoatkor edi ular. AQShdagi talabalardan farqli ravishda talabalarim
o'qituvchi fikriga qarshi chiqmas, bahs qilmas edi domla bilan".
Masalan,
"Amerika universitetlarida,"- deydi Erik Fridman, "dars bahs-muhokama shaklida,
jonli o'tadi".
Gap to'g'ri yoki noto'g'ri javobda emas, maqsad studentni
mustaqil fikrlashga o'rgatish.
Professor
O'zbekistondagi talabalarini eslar ekan, ular mushohada va tahliliy javob
berishdan yiroq edi, ayniqsa imtihonlarda bunga ko'nikmagan edi, deydi.
Holbuki,
Amerika universitetlarida talaba juda ko'p o'qib, yozishi kerak, o'z fikrini ham
og'zaki, ham yozma ravishda aniq ifoda eta olishi shart.
"Amerika
universitetlarida studentdan ko'p adabiyot o'qish talab qilinadi. Muammo shunda
ediki, O'zbekistonda mavzuga doir o'zbek va rus tilidagi qo'llanmalar yo'q edi.
O'zim bilan juda ko'p kitob, jurnallar olib borib kutubxonaga topshirganman.
Biroq o'zbekistonlik talabalarim jurnallar, katta-katta boblarni o'qishga
odatlanmagan edi".
Amerikada
o'qishga otlangan talaba ko'p mutolaa qilishi kerak bo'ladi.
Bu
yerda kutubxonalar – universitet ustuni, xazinasi sanaladi. Undagi jamiki
javohirot – kitoblar talaba uchun.
"Xalqaro
jurnalistika fakultetida, esimda, kutubxonachi kitoblarni o'z mulkiday changallab
o'tirar edi. Student kitobni olish uchun talabalik bileti yoki pasportini
garovga tashlab ketishi kerak edi. Hatto adabiyotlar uyga kamdan-kam berilardi.
Amerikada, kitoblarni uyga olib ketib, haftalab foydalanishga haqlisiz",- deydi professor.
Qo'shma
Shtatlarda talaba erkinlik va haq-huquq nima ekanini juda yaxshi biladi.
Darslarda o'zini erkin his qiladi, professor bilan tengma-teng gaplashadi.
Bilim olish fikr almashishni talab qiladi, ham tengqurlar, ham o'qituvchi
bilan, deydi Erik Fridman.
"Amerikalik
student "universitetga pul to'ladimmi, demak qoidani ham men belgilayman"
qabilida ish tutadi. Darsni bajarmasa, dakki berishga hech kimning haqqi yo'q. Baho
yoqmasa shikoyat qilib keladi, talashib-tortishadi. Bu ular uchun tabiiy hol.
Shunga haqqi bor".
Yana
bir misol. O'zbekistonda student ko'chirishni ayb deb bilmaydi. Maktabda nish
urgan bu illat keyinchalik universitet va idoraga ko'chadi.
Umuman, plagiat –
jinoyat degan tushunchaning o'zi yo'q, deydi Erik Fridman.
"Ko'chirgan
talabaning qog'ozini tortib olib, g'ijimlab yerga tashlasam ham ta'sir qilmas
edi".
Albatta,
bu Amerikada plagiat yo'q degani emas, deydi Erik Fridman.
Kimdir o'rtog'idan
iltimos qiladi, hatto pul to'lab, diplom ishini yozdiradiganlar bor.
Farqi
shundaki, AQShda talaba qo'lga tushib qolsa, qattiq jazolanadi - fandan
yiqiladi, hatto o'qishdan haydaladi. Kelajagi barbod bo'lishi mumkin.
Professor
Fridman Toshkentdagi bir voqeani eslaydi.
"O'zbekistonlik
talabalarimni guruhlarga bo'lib, har biriga alohida topshiriq berdim. Turli
davlatlarda matbuot erkinligini o'rganib, ma'ruza qilishlari kerak edi. Hammasi
qaysidir kitobdan ko'chirib kelgan. Nimani talaba yozgan-u, nima
ko'chirilganini bilish qiyinmasdi".
Professor
O'zbekistonda talaba ko'chirdi, deb ma'muriyatga shikoyat qilganida, "qo'ying,
e'tibor bermang," deb qo'l siltashgan.
Boshqalarning
fikrini tinglashga o'rganmagan, izlanish va ilmiy munozara olib borishga
o'rganmagan yoshlar uchun Amerika oliygohlari o'ta raqobatli tuyulishi mumkin.
Maqsad
bilim olish, fikr doirangizni kengaytirish ekan, o'zga jamiyat va o'zgacha
o'qish usullariga ham tayyor bo'lishingiz kerak.