Qishloq farovonligi yilida yangi banklarga ishonch past
Malik Mansur Amerika Ovozi 13/04/2009
Yaqinda O'zbekiston hukumati qaroriga ko'ra
"Agrobank" va Qishloq qurilishi banki qaror topdi. "Paxta-bank" va "G'alla-bank" asosida tashkil
topgan bu muassasalar qishloq farovonligi yilida tashlanayotgan
qadamlar mahsuli, deydi rasmiylar.
Iqtisodiy
sharhlovchilar va jamoatchi faollar esa yangi banklar haqida turlicha fikrda.
"Agrobank" bevosita qishloq xo`jaligini qo`llab-quvvatlash, fermer xo`jaliklarining
moddiy va moliyaviy bazosini yaxshilash bilan shug'ullanishi kerak.
"Qishloq qurlish banki" esa aholining turmush
darajasini ko`tarish, jumladan uy-joy qurulishlari uchun kredit ajratish vazifasini
o'z zimmasiga olmoqda.
Sharhlovchilar
nazarida bu banklar tadbirkor uchun ham, aholi uchun ham xizmat ko`rsatish
vositasi emas, qo`shimcha ma`muriy to`siq bo'ladi.
"Banklarning
turi ko`payib ketdi. Bu bilan ular qaysidir sohaga alohida ahamiyat qaratib, u
soha taraqqiy etib ketganini kuzatganim yo`q. Umuman, bankdan kredit olib
o`z ishini rivojlantirmoqchi bo`lgan tadbirkorni qaynab turgan qozonga
sho`ng`imoqchi bo`lgan kishiga qiyoslayman", - deydi sharhlovchi
Alimardon Ergashev.
Uning
fikricha aholi ishonchini mustahkamlash uchun bank haqiqiy ma'noda xizmat
ko`rsatish tizimiga aylanishi kerak.
"Buning
amalga oshishi uchun prezidentdan tortib hamma amaldorlar qonunga itoat qilishi
kerak. Bir donishmandning "Qullikdan qutilish uchun qonunga qul bo`lish kerak"
degan gapi bor. Shunga amal qilinsa, olam guliston bo`ladi. Hozir naqd pul
yo`qligini bahona qilib qancha korxonalarda ish haqlari bir nech oyga orqaga
surilayapti", - deydi sharhlovchi.
Qishloq tadbirkorlaridan
birining aytishicha yangi banklarning eskilaridan farqi yo'q.
"Hozircha
ularning mexanizmi aniq emas. Hukumat
qachon limitini bersa, shunda bo`ladigan ish. Hisoblab chiqilsa, buning
uchun juda katta mablag` ketadi. Hozircha tepadan shunday deklaratsiya qilindi
xolos, xuddi o`rtacha oylik maosh O'zbekistonda 300 dollarni tashkil
qiladi deyilgan gapga o`xshash", - deydi u.
Bu tadbirkor,
Qishloq farovonligi yilida aholiga aniq yordam ko`rsatilayotgani yo'q, deydi. Ko`chadagi
uylarni oqlash bilan ish bitmaydi, deya qo'shadi u.
"Bular
shunchaki tashqi jihatdan dekorativ ta`mirlashga o`xshaydi. Lekin bu bilan
qishloqdagi odamning qozoniga yarim kilo go`sht kiradimi"? – deya so'raydi
tadbirkor.
Prezident
Islom Karimovning O`zbekiston sharoitida moliyaviy inqiroz oqibatlarga qarshi
kurash haqida yozgan kitobida banklar faoliyatini takomillashtirishga ahamiyat
qaratiladi.
Yaqinda
prezident aholining bankdagi omonatlarini kafolatlash haqidagi qonunni imzoladi.
Lekin bu
choralar uzoqqa bormaydi, deydi sharhlovchilar.
Muammo
shuki, tadbirkor va fermerlar bankdagi hisob raqamlaridan o`z ixtoyoriga ko`ra
foydalana olmaydi. Banklarka nisbatan
ishonch juda past.
"1992
yilda O`zbekiston hukumati qimmatbaho zayomlarni muomalaga chiqargan edi. Bu
Markaziy bankning bo`ynidagi majburiyat. Bank aholidan qarz olib zayomlarni
sotuvga chiqargan. Markaziy bank majburiyatini
ochiqdan ochiq bajarmayapti, zayomlarni qaytarib olmayapti. Shunday ekan xalq bu
bank yoki boshqa banklarga qanday qilib ishonadi"? - deydi tahlilchi Alimardon
Ergashev.