Senator Makkeyn: Karimovga ishonib, huquq chetda qolmasin
Navbahor Imamova Vashington 14/05/2009
"O'zbekiston xalqini hurmat qilsak, aloqalarda demokratik qadriyatlarni ustun qo'yishimiz lozim",- deydi Jon Makkeyn.
O'zbekiston G'arb nigohida
Xalqaro
maydonda ko'zga ko'ringan huquq himoyachisi Tom Malinovskiy (Tom Malinowski) nazarida O'zbekistonda hukumat xalqdan, xalq esa
hukumatdan qo'rqadi. Uning tahlil qilishicha respublikada insonning barcha uzviy huquqlari cheklangan.
13 may kuni Kongressda Andijon voqealari va uning qurbonlari yodga olindi. Xotira
marosimini uyushtirgan Freedom House
va Human Rights Watch tashkilotlari
Obama ma'muriyatini O'zbekiston bilan aloqalarda demokratiya targ'ibotiga urg'u
berishga undadi.
AQShning nufuzli senatori Jon Makkeyn(John McCain) tadbirda so'zlab, "huquqqa
hurmat – xalqqa hurmat" deya ta'kidladi.
O'zbekistonlik muhojirlar, Amerika rasmiylari,
matbuot xodimlari va nohukumat tashkilotlar ishtirokida o'tgan bu yig'in –
siyosiy-madaniy munozara bo'ldi.
Barak Obama (Barack Obama) hali Markaziy Osiyoning biror rahbari
bilan uchrashmagan yoki mintaqa borasida aniq fikrlar bildirmagan.
Biroq
rasmiylarning gapiga qaraganda, Oq Uy va Davlat departamenti munosabatlar
ko'p-qirrali bo'lishi, erkinlik va huquq masalasi chetda qolmasligini
ta'minlash harakatida.
Senator Makkeyn prezident Barak Obamani uzoqni ko'zlab siyosat yuritishga undamoqda. Uning fikricha diktatorlik tuzumlari bilan hamkorlik qilishda xalq manfaatlari ustun qo'yilishi kerak.
Senator Jon Makkeyn, Obama bilan prezidentlik uchun
bellashgan respublikachi, "Huquq va demokratiya alohida bir soha emas,
xavfsizlik va tinchlik erkinlik talab qiladi" deydi.
"O'zbekiston
Afg'onistondagi qo'shinlarga yuk yetkazib berishda yordam taklif qilmoqda.
Afg'onistonda tinchlikni ta'minlash o'ta muhim masala. Lekin men Islom Karimov
bilan ehtiyotkorona hamkorlik qilish kerak degan fikrdaman. Biz Karimovning
beg'araz ko'magiga uchib, uning qo'li ostida O'zbekistonda inson haq-huquqlari
muntazam ravishda buzilayotganiga ko'z yuma olmaymiz".
Huquq ahvoli har yerda nozik masala
Afsuski,
deydi senator Makkeyn, O'zbekiston fuqarolar doimiy qo'rqinchda yashayotgan
yagona jamiyat emas.
Siyosiy bosimlar, qiynoqlar, erkinlikni cheklash jahonning
turli burchaklarida, hattoki taraqqiy etgan davlatlarda ham kuzatiladi.
Makkeyn,
respublikachi safdoshi Jorj Bush prezidentligi davrida Guantanamo va boshqa
qamoqxonalarda mahbuslarga beshafqat munosabatda bo'linganini Amerika yuziga
bosilgan qora tamg'a deb biladi.
"AQShning erkinlik kuychisi degan nomiga dog'
tushdi",- deya afsuslanadi u.
Makkeyn
Andijon voqealari ketidan O'zbekiston hukumatiga sanksiyalar qo'yish taklifi
bilan chiqqan.
O'tgan yili senator prezidentlikka nomzod etib ko'rsatilganida,
Markaziy Osiyoda hukumatlar agar u saylansa, aloqalar qiyin kechishi mumkin
deya xavotirlangan bo'lsa, demokratiya tarafdorlari "qaniydi, u saylanib,
Amerika bu diktatorlar bilan jiddiyroq gaplasha boshlasa",- deya umidlar
bildirgan edi.
Biz Jon Makkeyndan "Agar prezident bo'lganingizda O'zbekiston
rahbariyati bilan aloqalarni qanday yo'lga qo'ygan bo'lardingiz? Obamaga nimani
maslahat berasiz?" - deb so'radik.
"Prezident
bo'lganimda huquqqa ko'proq e'tibor bergan bo'lardim. Xavfsizlikmi, iqtisodiy
rishtalarmi… Diktatorlik tuzumlari bilan xuddi hech narsani bilmagandek
hamkorlik qila olmaymiz. Chunki bu tuzumlar baribir o'z boshini yeydi. Ular
ag'dariladi. Bu esa bizning xavfsizligimizga ham raxna soladi",- deydi Makkeyn.
"Eron bunga
yaqqol misol. Oddiy qilib aytganda, agar shoh u yerda xalq manfaatlarini
ko'zlaganida, balki islomiy inqilob yuz bermagan, balki bu davlat bugun atom
qurollari ustida ishlamayotgan, dunyo tinchligiga tahdid solmayotgan bo'lar
edi",- deydi senator.
"Huquqni hurmat qilish, odamlarga erkinlik berish O'zbekistonni
mustahkamlaydi deb tushuntirgan bo'lardim. Xalqni ezish, u qanchalik bardosh
berayotgan bo'lmasin, o'z tomiringizga bolta urish bilan barobar deya hukumatga
ochiq aytgan bo'lardim",- deydi Makkeyn.
"Obama o'z atrofiga juda aqlli, strategik fikrlovchi
odamlarni to'playapti. Ular huquq bebaho ne'mat ekanini, Amerika qudrati
erkinlikda ekanini biladi".
Huquq faoli Lutfullo Shamsutdinov fikricha AQSh O'zbekiston bilan aloqalarni rivojlantirishi, bu jamiyat taraqqiyotida muhim rol o'ynashi lozim
Andijonlik qochqinlar aloqalar yaxshilanishi tarafdori
Senator
Jon Makkeyn bilan yonma-yon o'tirib, ommaga Andijonda 2005 yilning may oyida o'zi
guvoh bo'lgan voqealarni aytib bergan, hozirda AQShda yashayotgan Lutfullo
Shamsutdinov fikricha bu davlat O'zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishi kerak.
Shundagina huquq ahvolini ham yaxshilash mumkin bo'ladi, Amerika muhim rol
o'ynay oladi, deydi u.
"O'zbekistonda
hamma sohada inson huquqlari buzilishda davom etmoqda. Shuning uchun Amerika
hukumati uchrashuvlarda inson huquqlarini birinchi o'ringa qo'ysa, juda ijobiy hol
bo'ladi deb hisoblayman. Amerika
O'zbekiston bilan yaqin aloqada bo'lishi tarafdoriman",- deydi Shamsutdinov.
O'zbekiston
rasmiylari, qolaversa Vashingtondagi diplomatlar yuqoridagi fikrlarga o'z
munosabatini bildirishni, hukumat pozitsiyasini tushuntirishni lozim topmaydi.
Andijon voqealari ekstremistik xuruj, konstitutsion tuzumni to'ntarish harakati
deya ta'riflanadi.
Respublika bilan aloqalarga mas'ul Davlat departamenti
vakili Tomas Xushek (Thomas Hushek) deydiki, Obama ma'muriyati O'zbekiston bilan o'zaro
manfaatlarga asoslangan holda hamkorlik qilib, ochiq muloqot qilishni istaydi.
"Bolalarni
paxtazorlarga majburan olib chiqishdan tortib, qamoqxonalardagi ahvol, siyosiy
mahbuslar, xavfsizlik, Afg'onistondagi vaziyat, iqtisodiy taraqqiyot,
barchasini nazarda tutgan holda ish yuritishga harakat qilamiz",- deydi Xushek.
Shoir ayolining nolalari
Kongressda
O'zbekiston har kuni ham tilga olinavermaydi. Olinganida ham bir o'zbek ayoli
ko'ziga yosh bilan Amerika arboblariga vatanidagi ahvolni tushuntirib, yordam so'raganiga shu paytgacha
guvoh bo'lmaganmiz.
"O'sha
Andijondagi to'kilgan qonlarni, xunrezliklarga qarshi chiqqani uchun, adolatni
qalamiga olganligi uchun, hozirgi kunda dunyoning eng dahshatli turmasida
qiynoqlarga solinayotgan shoir Yusuf Jumayevning ayoli bo'laman. Shu qo'llaring
bilan she'rlar yozdingmi deb uning qo'llarini urishib, ezib tashlashgan,
tirnoqlarini qo'porishgan, ko'p
qiynoqlarga solinayapti. Bu qiynoqlar O'zbekistonda qachon to'xtatiladi?"- deya nidolar qildi Gulnora Oltiyeva.
Uning turmush
o'r'tog'i Yusuf Juma hukumatga qarshi ig'vo ko'tarib, rahbariyatni haqoratlaganlikda
aybdor deb topilib, besh yilga kesilgan. Shoir hozirda Jasliq qamoqxonasida
o'tiribdi. Oilasi esa yaqinda Amerikadan boshpana olgan.