![[insert caption here] [insert caption here]](/uzbek/images/Vaziriston_5.jpg) |
O'zbek jangarilar asosan Vaziristonda panoh topgan
|
Boburiylar hukmronligi ostida turkiylar madaniyatini o'ziga singdirgan o'lkada bugun ularning yangi avlodlari katta bo'lmoqda.
"Hindikush tog' tizmalari etaklaridagi kichik qishloqlarda o'zbek
oilalarini ko'rasiz",- deydi pushtu jurnalisti Nafis Takar.
"O'zaro ishonch
past. Bir-biridan xavfsirab yashashadi. Taqdirni xudoga topshirdim deb, bir amallab kun ko'rishayapti",- deydi
u.
Pokiston hukumati taxminicha o'zbek va markaziy osiyolik boshqa jangarilar bu davlatning shimoli-g'arbiy, Afg'oniston bilan chegaradosh hududlarida qariyb 4000 ni tashkil etadi.
Qabilaviy tuzum hukmron Vaziriston janubida 600
ga yaqin o'zbek bo'lishi mumkin. Yaqinda armiya bilan to'qnashuvda ular yetakchisi Tohir Yo'ldosh
jarohatlangan.
"Amerika Ovozi" pushtu
muxbirlarining yoritishicha o'zbeklar dunyoning bu qismlariga ba'zida o'zini
hazora deb tanishtirib jon saqlaydi.
Afg'oniston aholisining 20 foizidan
ortig'ini tashkil etuvchi hazoralar shia mazhabidagi musulmonlar. Ko'rinishi
jihatdan ular Markaziy Osiyo xalqlariga o'xshab ketadi.
![[insert caption here] [insert caption here]](/uzbek/images/pushtu-qabilalar.jpg) |
Pushtular kelgingilarga nafrat bilan qaraydi, ammo jangarilar qahridan qo'rqqani uchun ularga bardosh qiladi.
|
"O'zbeklar ham arablar
singari bu qashshoq mintaqada mehmon. Lekin o'zbeklarni arablarchalik hurmat
qilishmaydi, chunki pul arablardan keladi va Osama bin Ladinning nufuzi kuchli. Pushtularga
o'zi kelgindilar yoqmaydi. Bu yerga kelib yillab yashovchi, o'z ta'sir kuchiga
ega bo'lishga harakat qilayotgan guruhlarga toqati yo'q. Shu sabab o'tgan ikki
yil ichida o'zbeklarning ko'pi o'ldirilgan yoki
quvilgan",- deydi jurnalist Nafis Takar.Uning aytishicha o'zbeklar haqida
Spinakay va Mirali tumanlarida ko'p eshitasiz.
"Lekin ularning soni
bo'rttirilib ko'rsatiladi",- deydi jurnalist. "Jangarilar biz ko'pmiz desa,
odamlar bunga ishonadi. Arablar odatda strateglar, o'zbek va pushtu jangarilar
esa rejani amalga oshiruvchilar", - deya izohlaydi Nafis Takar.
"O'zbek jangarilar
boshqalarga qaraganda ancha savodli, dunyoviy bilim olgan yigitlar. Lekin ular
Pokistonda madrasalarda ham saboq olgan. Bunga o'zim guvoh bo'lganman. Ular
kommunizm, undan keying davr, qolaversa kapitalizm bilan ozgina bo'lsa-da
tanish. Juda mutaassib, radikal qarashga ega. Qur'onni shunday qabul
qiladi. Vaziristondagi o'zbek imomlarini hatto Tolibon
tarafdorlari ham ekstremist deb ta'riflaydi".
![[insert caption here] [insert caption here]](/uzbek/images/qurol.jpg) |
Qurol-aslaha va moliya jangarilarga asosan qoradori savdosidan keladi
|
Tolibon, al-Qoida va boshqa
ekstremist guruhlar faoliyatini o'rgangan amerikalik harbiy tahlilchi Bill
Loggio (The Long War Journal) fikricha bu harakatlar uzoqni ko'zlab ish tutmay qo'ygan.
"Jangarilar hozir moliya
oqimi barqaror emasligini biladi. Jon saqlash eng
muhim masala. Shu bois Baytulloh Mas'ud o'zbek jangarilari bilan ular xohlaganidek
halifalik tuzish yoki Markaziy Osiyoda ular tili bilan aytganda "g'ayridin
rahbarlar"ga qarshi kurashish uchun qurol ko'tarayotgani yo'q. Baytulloh Mas'ud
mahalliy kurash olib bormoqda, xalqaro emas",- deydi Bill Loggio.
Tolibonning hozirgi qo'mondonlarini
o'ta savodsiz deb biladigan pushtu ziyolilari ham bu fikrga qo'shiladi.
Pokiston armiyasi asosiy
diqqatini Tolibon yetakchilaridan biri, Vaziriston janubida harakat qilayotgan Baytulloh Mas'ud va uning jangarilariga qaratmoqda. O'zbekiston Islomiy Harakati a'zolari uning
qo'li ostida kurashayotgani ma'lum.
![[insert caption here] [insert caption here]](/uzbek/images/vaziriston_3.jpg) |
Vaziriston, Pokistonning qabilaviy tuzum hukrmron mintaqalaridan biri
|
Bill Loggioning so'zlariga qaraganda, Mas'ud bilan chiqisha olmayotgan Mulla Nazir va Hofiz Gul Bahodir singari
Tolibon qo'mondonlari Hilmand, Qandahor, Zabul, G'azni, Uruzgon, Xost, Paktika
va Paktiya kabi viloyatlarda katta kuchga ega va ular o'zbeklarni safidan
chiqarib yuborgan. Tohir Yo'ldosh, deydi tahlilchilar, yaqingacha Baytulloh Mas'ud bilan ham kelisha olmayotgan edi. Hozir mintaqada vaziyat tang va jangarilar orasida birdamlik ko'zga tashlanmoqda.
Shu yilning fevral oyida Mulla Nazir va Hofiz Gul Bahodir Baytulloh Mas'ud
bilan ittifoq tuzib, Pokiston, Afg'oniston,
AQSh va Hindistonga qarshi birgalikda urush olib borishga kelishib olgan.
Biroq, deydi Bill Loggio AQSh harbiy razvedkasi ma'lumotlariga tayangan holda,
Mulla Nazir va Hofiz Gul Bahodir hukumat nazarida "kelishsa bo'ladigan
tomonlar".
Yana bir jangari to'da bu
Haqqoniylar, deya tushuntiradi Loggio, ularni mujohiddin Jaloliddin
Haqqoniy va uning o'gli Siroj boshqaradi.
Vaziriston shimolida asoslangan
Haqqoniylar Afg'onistonda qonli xurujlarda ayblanadi. Rasmiy Kobulning gumon
qilishicha bu guruh ortida Pokiston maxfiy xizmati turibdi.
Pokiston bosh
harbiysi, general Ashfaq Kiyani 2008 yilda Jaloliddin Haqqoniyni strategik
hamkor deb atagan.
 |
| Tohir Yo'ldoshev va unga sodiq jangarilar hozir Vaziriston janubida Tolibon safida ekani aytiladi |
"Pokiston o'z hududini terrorizm o'choqlaridan tozalamoqchi
bo'lsa",- deydi Bill Loggio, "barcha guruhlarga qarshi birdek urush e'lon
qilishi kerak. Aks holda Afg'on-Pokiston chegarasi ekstremizm makoni bo'lib qolaveradi. Bu tarqoq to'dalar, shu jumladan o'zbek jangarilari ham Al-Qoida uchun tayanch".
Rasmiy ma'lumotlarda
keltirilishicha, Tolibon va al-Qoida hamda ular bilan aloqador barcha guruhlar
moliyani qoradori savdosidan oladi.
Narkotik moddalar jahon bozoriga Markaziy
Osiyo, Eron va Pokiston orqali chiqadi. Jangarilarga qurol-aslaha ham shu yo'l bilan olib kelinadi.
Afg'oniston, Pokiston, AQSh va Markaziy
Osiyo hukumatlari orasida qaysidir darajada axborot almashish ham yo'lga
qo'yilgan, deydi ekspertlar, ammo ular ommaga oshkor etilmayapti.
"Ogohlik – jamoatchilik xavfsizligi uchun eng
muhim zaruriyat",- deydi jurnalist Nafis Takar.
"Moliyaning katta qismi
Fors ko'rfazidagi boy odamlardan ham keladi. Islomiy tashkilotlar xayriya va
zakot deb yiqqan pul terroristlar cho'ntagiga tushayotganini bilamiz. Oddiy, mo'min musulmonlar, albatta, pulim
qayerga ketmoqda deb so'rashdan uyaladi".