VOANews.com

Amerika Ovozi▪ Uzbek Xolis axborot manbai

 
45 tilda xabarlar
O'zbekiston terim mavsumi tugamoqda, daromad qilgan fermer sanoqli


08/11/2009

[insert caption here]
Paxta yetishtirish bilan bog'liq xarajatlarni hisob-kitob qilgan fermerlarning aytishicha, mahsulot bahosi davlat belgilagan narxdan ancha baland bo'lishi shart
O’zbekistonda qishloq xo’jaligining asosiy mahsuloti - paxta yig`im-terimi nihoyasiga yetmoqda. 

Paxtadan daromad ko’rgan fermerlar sanoqli, yeridan ajrab qolishi mumkin bo’lgan qarzdor fermerlar borgan sari ko’paymoqda.

Qonunga ko’ra, yer fermerga shaxsiy mulk sifatida berilgan bo`lsa-da, aslida unda bu mulkni boshqarish huquqi yo`q. 

Har yili qishloq xo`jaligi mavsumi yakunlanishidan so`ng o'nlab fermerlardan yer tortib olinayotgani esa yerga egalik hissini ham omonat qilib qo`ygan. Yerga nima ekish, ekilgan mahsulotni kimga va qanchadan sotish mumkinligini fermer emas hukumat belgilaydi.

Dehqon uchun erta bahordan bug`doy va chigit ekish bilan boshlanadigan mavsum qishga yaqin paxta yig`im-terimi bilan yakunlanadi. Bu yil davlat uchun 3 million 400 ming tonna “oq oltin” yetkazib berildi. 

Sharhlovchilar so’zlariga ko`ra, darhaqiqat, paxta kimlargadir oltin kabi daromad keltirayotgan mahsulot, faqat bu foyda paxtani yetishtirgan fermer yoki paxta terimiga jalb qilingan millionlab o`quvchilarga tegishli emas.

“Shuning uchun ham biz e`tiborni aynan shunga qaratmoqdamiz, faqat ma`lum bir guruhgagina manfaat olib keladi”, - deydi  muxolifatdagi “Ozod dehqonlar” partiyasi vakili Bahodir Nomozov.

Paxta eksporti kichik bir guruhlar qo`lida qolayotgani nafaqat fermer daromadi, balki mamlakat ishlab chiqarishiga katta zarar yetkazayotgani ta’kidlanadi.
  
“Asosan, xomashyo sifatida sotilayapti, paxtadan biror mahsulot chiqarish uchun hech narsa qilinmayapti. Korxonalar paxta yetishmovchiligidan turib qolgan, o`zimizda paxta yetishtirisak, qanday qilib paxtaga muhtoj bo`lish mumkin. Chunki o`sha ma`lum guruhlar paxtadan har xil mahsulot qilgandan ko`ra uni tayyoricha xomashyo sifatida sotib, daromar qilishni ma`qul ko`rishadi”, - deydi Nomozov.

Mahsulot yetishtirishga ketadigan xarajatlarni hisob-kitob qilib chiqqan fermerning aytishicha, xarajatlar ko`p, shunga muvofiq paxta bahosi hozir hukumat belgilaganidan ancha baland bo`lishi kerak.

Bu yil fermerdan sotib olinayotgan paxta bahosi bir kilogrammi uchun 500 so’m qilib belgilangan, undan 100 so’mi faqat terim uchun ketadi, qolgan 400 so’m esa fermer erta bahordan paxta yetishtirish uchun sarflagan xarajatlarini qoplamaydi. 

“Hamma narsani narxi ko`tarildi, ishlaydigan mardikorni ham. Bundan tashqari, o`g`it qimmatlashdi ikki martaga, defoliatsiya, yoqilg`i, urug` qimmatladi. Fermerga bir o`n so’m qolishi mumkindir, dehqon uchun bu foydali narsa emas”, -deydi fermerlardan biri.

Paxta yetishtirishdagi bu kamomadlardan qat’iy-nazar fermer hosilni tayyorlab berishga majbur. Hokimiyat paxta bo’yicha majburiyat bajarilishi uchun barcha usullarni ishga soladi, hatto militsiya yordamidagi taz’yiq, tahdidlargacha.

“Hozir 5 sort uchun 150 ming som berayapti, fermer uchun bu paxtani yig`ishtirish 300 ming so`mga tushadi. Bu hukumatga kerak, lekin fermerga zarar. Endi qilyapmiz, yerni tortib olaman deyapti, qo`rqqanimizdan ham qilayapmiz. Militsiya yuboraman deydi, hukumat bilan o`ynashib bo`ladimi? Hozir gektariga 300 kilodan paxta qo`shimcha so`rayapti, har kuni so’rog`i bo’lyapti, bajarmaganga jinoiy ish och, yerini ol deyapti”, - deydi fermer Akbar Rahimov.

Mulohazlarga ko`ra, fermerda qishloq xo’jaligidan manfaatdorlik tobora yo’qolmoqda.

“Asosan, planni ellik foizga yetkazmaganlar va ellik foizdan oshirganlar bor, chunki rejalar juda yuqori belgilangan, fermerlarni yarmi yerimni topshiraman deb turibdi, buyoqda esa planni bajarasan deb turibdi”, - deydi fermer. 

Ekspertlar nazarida hukumat fermerlarni majburlash, paxta yig`imiga ommaviy ravishda o`quvchilar va hasharchilarni jalb qilish bilan mahsulot yetishtirishning eng arzon usulini saqlab qolmoqda.

“Paxtani asosiy qismi eksportga ketadi. Mahalliy korxonalar uchun paxta sotishda ham shaffoflik yo’q. Bilishimcha, bu doim juda murakkab jarayon bo’lgan, kimlargadir dollar, kimlargadir so’mda sotiladi. Bu boradagi vaziyat juda yomon, odatda mahalliy ehtiyoj uchun eng past sifatli paxta qoldiriladi, lekin bahosi dunyo bozoridagi narxlardan unchalik farq qilmaydi”, - deydi Taymurov.

O`zbekistonda paxta yetishtirishning bu usuli ommaviylashib borayotgani xalqaro miqyosda, mamlakatdagi inson huquqlari himoyachilarining ham noroziligiga sabab bo’lib keladi. Mahalliy faollar bolalar huquqlari toptalishi evaziga yetishtirilyotgan o’zbek paxtasiga boykot e’lon qilishni so’rab xalqaro tashkilotlarga, savdo tarmoqlariga ochiq murojaat ham yo’llagan edi.

Avtoritar tuzumda nafaqat O`zbekiston qonunlari, balki xalqaro qonunlar ham ishlamaydi. Ayniqsa, bolalarni majburiy mehnatga jalb qilish bo`yicha qonunlar doimiy buzilib kelinmoqda. Hukumatni o`zi bolalarni majburlamoqda. Shu bois biz xalqaro kompaniyalarni o’zbek paxtasini boykot qilishga chaqirgan edik. Shu orqali hukumatga ta’sir qilishni maqsad qilganmiz. Bu murojaat barcha xalqaro tashkilotlarga, banklarga, yirik kompaniyalarga, BMTga yuborilgan. Kelajakni, taqdirimizni oy`lab shunday qildik”,  - deydi huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyev.

G`arbda bolalar majburiy mehnatidan foydalanib yetishtirilayotgan o`zbek paxtasini boykot qilayotgan savdo tarmoqlari ko`payib bormoqda. Bu kompaniyani hozircha biror natija bergani kuzatilmaydi, biroq harakat kengaymoqda. AQSh O’zbekistondagi majburiy bolalar mehnatiga ahamiyat qaratayotgan davlatlardan biriga aylandi deyish mumkin.

AQSh senatori Tom Xarkin O’zbekistondagi bolalar majburiy mehnati bilan bog’liq vaziyatni muhokama qilish uchun Kongressga rezolyutsiya taqdim etgan. Senatorning AQSh matbuotida chop etilgan “O’zbek paxtasi haqidagi achchiq haqiqat” maqolasida bolalarni majburiy mehnatga safarbar qilayotgan o’zbek hukumati keskin tanqid qilinadi. O’zbekistonda maktab o’quvchilari paxta dalasida mehnat qilishda davom etar ekan, amerikalik o`qutuvchilar norozilik bildirish uchun O`zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi yaqinida piket qilishdi.

Hukumat bolalar majburan paxta terimiga safarbar qilinayotganini rad etadi, hozirgacha bolalarni paxta dalasiga chiqarilishi yuzasidan biror izoh berilmagan.

Faollarga ko’ra esa bu boradagi vaziyat keskinlashib bormoqda, bu yilgi paxta  mavsumiga 5-sinfdan boshlab o’quvchilar jalb qilingan.

“Hatto ikkinchi sinf o’quvchilarini ham ko’rdim, 4-5 kilo paxta terayotgan.  Vaziyat yildan-yilga og’irlashayapti, diktatura kuchaymoqda. Keyingi yil bundan ham battar bo’ladi, bog’cha bolalarini ham paxtaga chiqaradi desa ajablanmasdim. Bu yilgi paxta mavsumidagi baqir-chaqirlar, bir-birini haqoratlashlar, boshqaruvni mutlaq izdan chiqqani menda ayanchli bir tassurot qoldirdi. Keyingi yil bolalarni ekspluatatsiya qilish yanada kuchayadi, chunki qishloq xo’jaligi tizimi ishdan chiqqan,texnika yo’q”, - deydi huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov.

Respublika paxta planini bajargani haqidagi hisobotdan keyin ham maktab o’quvchilari paxta dalasida qolishmoqda. Ayrim tumanlarda kichik sinflar maktabga qaytgan, ayrim tumanlarda esa 5-sinfdan boshlab o`quvchilar hamon paxta dalasida.

“10 da qaytarishadi, deyishgandi. Bugun eshitishimcha 15 ga qoldirishgan. Biz tomonlarda hatto ikkinchi sinf o’quvchilari ham paxta terimiga chiqishgan”, - deydi fermer.

Mulohazlarga ko’ra, bir paytlar milliy boylik sifatida e’tirof etilgan paxta bugun ko’proq ayrim guruhlarning boyishi uchungina xizmat qilmoqda.



Sharh va izohlar:

1. hm...

Albatta, bu kunlarning tugashiga ham oz fursat qoldi. Lekin bosim esa kundan kunga kuchayib bormoqda. Paxta yig'im terimi tugadi deb elon qilingan bo'lsada, bu qog'ozda xolos. Aslida esa kech soat 9:00da tuman hokimyatlarida majlis hamda selektor o'tkaziladi. Unda inson huquqlari tugul hatto a!!!! deb ko'ringchi? Prokuror hamda militsiya tomonidan qattiq jazoga tortilasiz. Bir so'z bilan aytganda tizim izidan chiqib bormoqda !
Fikr bildiruvchi: Sam (O'zbekiston)
11-13-2009 - 11:49:58

E-mail This Article Xabarni jo'nating
Print This Article Bosma uchun
  Bosh mavzu
O'zbekiston hukumati Internetni cheklashda davom etmoqda

  Boshqa xabarlar
Qirg'izistonda matbuot va muxolifatga tazyiq kuchaygan  Audio Clip Available
AQSh va Rossiya Strategik qurollar bitimi deyarli tayyor demoqda
AQSh diplomati Jorj Mitchell hafta oxirida Yaqin Sharqqa boradi
AQSh-O'zbekiston orasida muzokaralar; konkret qadamlar zarurati
O'zbekiston va Qozog'iston mintaqada GESlar qurilishiga qarshi
Amerikada ilm olib vatanga qaytish ishtiyoqidagi yoshlar
Afg'onistonda AQSh qo'shinlari NATO boshqaruviga o'tadi
AQSh Yaqin Sharq tinchlik jarayoniga vositachilik qila oladimi?
Tahlilchilar: BMTda O'zbekistonga doir muloqot hissiyotli kechdi  Audio Clip Available
Qirg'iz oqsoqollari Amerika ketsin deydi, keng omma qanday fikrda?
Xillari Klinton: Ayollar manfaati birinchi o'rinda turishi kerak
Tojikiston: Afg'on zaminida tinchlikka erishish mumkinmi?
Tarixdan saboqlar: AQShga juda qimmatga tushgan yana bir urush
Afg'onistonga tinchlik kelsa, mintaqa uchun imkoniyatlar ko'payadi
Faollar: AQSh-O'zbekiston muloqotida huquq chetda qolmasin
Amerikalik yozuvchi yangi kitobida O'zbekistondan gap ochadi  Audio Clip Available
BMT maxfiy qamoqxonalarni tekshirmoqda, ayrim davlatlar norozi
BMTda O'zbekistonda inson huquqlariga doir ahvol o'rganilmoqda  Audio Clip Available
O'zbekiston BMT huquq bitimiga qanchalik rioya qilmoqda?
General Petreus Qirg'izistonda xavfsizlik bobida muzokara qilgan
O'zbekistonlik hunarmandlar san'ati Koloradoda ko'rgazmada
Hamjihatlik, kuchli iroda - Markaziy Osiyoda noyob ne'matlar