O’zbekiston fuqarosi Ulug’bek Qodirov AQSh prezidenti Barak Obama hayotiga qasd qilmoqchi bo’lganini tan oldi.

22 yoshli yigit 10-fevral kuni Alabama shtati sudida barcha ayblovlarga iqror bo’ldi.

Qodirov 2011-yil iyul oyida hibsga olingan edi.

Uning sudga bildirishicha, Obama odamlar bilan uchrashayotgan damda uni miltiq bilan otib o’ldirish ko’zlangan va bu reja ortida islomiy terroristik guruh turgan.

Qodirov qurolga egalik qilish va terrorchilarga moddiy yordam ko’rsatish singari ayblovlarni ham o’z bo’yniga olgan.

Bu bilan Qodirov o’zini umrbod qamoq jazosidan saqlab qoladi, deydi uning advokati Lans Bell.

Endi uning ayblari isbotlansa, 30 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Jazoni o’tab bo’lgach, u vataniga deportatsiya qilinadi.

Qodirov Alabama shtati Birmingem islomiy jamiyatining faol a’zosi bo’lgan.

AP
Barak Obama
Jamiyat prezidenti Ashfaq Tofiq voqeadan xabar topgach, “Men uning masjidga qatnashini bilardim, lekin uning na xulqi, na so’zlarida radikal qarashlar bor edi”, deya fikr bildirgan.

Ayblovlarga ko’ra, Qodirov o’zini Amir deb atagan bir shaxs bilan muloqot qilgan. O’zbekiston Islomiy Harakati a’zosi bo’lganini ma’lum qilgan bu shaxs Qodirovga prezident Obama hayotiga qasd qilish kerakligini aytgan.

So’ngra Qodirov Birmingemda yashagan yana bir o’zbek bilan do’stlashib, u bilan masjidga qatnagan. Uning uyida birgalikda internet orqali jihod haqidagi videolarni tomosha qilgan. Iyul oyida u do’stidan miltiq sotib olishda yordam so’ragan. So’ngra 13-iyul kuni Birmingem yaqinida miltiq sotib olgan.

Prokuror Joys Vansning sudga bayon qilishicha, Qodirovning “reja tuzgani, boshqalarga o’z niyati haqida gapirgani va prezidentni o’ldirish uchun miltiq sotib olmoqchi bo’lganini” aniqlagan politsiya iyul oyida uni hibsga olgan.

Politsiya bergan ma’lumotlarga ko’ra, Qodirov AQShda qonuniy maqomga ega bo’lmagan. U talabalik vizasi bilan mamlakatga kirgan, lekin hech qayerda o’qimagan.