Belarus poytaxti Minskda Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligining navbatdagi sammiti bo'lib o'tdi. 

11 davlat rahbari hamdo’stlik kelajagi, jumladan tashkilot faoliyatini rivojlantirish va savdo aloqalarini kuchaytirish masalalarini muhokama qildi.

Sammitda O`zbekiston prezidenti Islom Karimov ham ishtirok etgan. 

Mustaqil ekspertlar nazarida sobiq ittifoq davlatlarini madaniy ravishda tarqalishini ta`minlash uchun tuzilgan bu tashkilot o`z vazifasini o`tab bo`lgan.

Biroq hozirda Rossiya tashkilotni o`z geosiyosiy maqsadiga bo`ysindirish uchun aniq harakatlar boshlagan va uning tarkibida  harbiy ittifoq  - Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tuzilgan.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov fikricha bu shartnoma doirasida ham qator ziddiyatlar mavjud.

“Masalan, Kavkazda yoki Markaziy Osiyoda biror harbiy aralashuvga molik muammo tug`iladigan bo`lsa, bu muammolar yanada keskinlashadi. Belarusdagi tamoyillarga ko`ra Belarus mamlakatdan tashqaridagi birorta [mojaroli] muammoga jalb etilmaydi. Bu borada asosiy davlat  Rossiyaning o`zining imkoniyatlarini oladigan bo`lsak, uning ichki muammolari, armiyasining ichidagi holatlar juda ham achinarli”,  - deydi Rabbimov. 

Siyosatshunos MDHni mamlakatlar manfaati va qadriyatlar emas, ko`proq siyosiy kuch ushlab turibdi:

“Masalan, saylovlarda MDHdan delegatlar keladi va saylov o`tdi degan fikrni bildirishadi. Deylik, Tojikistonda o`tgan saylovlar. Biroq, bu saylovlar qanday kriteriyalarga asosan o`tdi yoki o`tmaganligi haqida hech narsa deyilmaydi. Ya’ni, saylovlar o`tgani tan olinadi, lekin nima asosida tan oladi? Hali tan olinmagan holat bo`lgani yo`q. Ana shunday qadriyatlar bo`shlig`i mavjud. To`g`ri, MDH vaziyatga moslashishga harakat qilayapti, lekin bu bo`shliqning o`zi, nazarimda, uning umrini tugashiga ham xizmat qiladi”, - deydi siyosatshunos.   

Ayrim tahlilchilarga ko`ra sobiq ittifoq davlatlari rivojlanishning va tashqi siyosatning turli yo`nalishlarini tanlagan. Ayni paytda MDH taklif etayotgan sobiq ittifoq hududida yagona bir kuch ostida birlashish va tashqi aloqalarni bu kuch bilan hisoblashgan holda yuritish siyosati, sobiq imperiya ta`siridan qutilgan va demokratik rivojlanish yo`lini tanlagan mustaqil davlatlarni qanoatlantirmaydi.