15 yanvar kuni O’zbekistondan bir guruh rasmiylar Germaniyaga safar boshlagan. Tashrif xalqaro tashkilotlar G’arbni inson huquqlari ahvoli yuzasidan O’zbekistonga yetarli bosim o’tkazmayotganlikda ayblayotgan bir paytda amalga oshmoqda.

O`zbekiston Adliya vaziri, Ichki ishlar vazirligi, Oliy Majlis vakillari va boshqa rasmiylardan iborat delegatsiyaning Germaniyaga safari Andijon fojesidan keyin O`zbekiston rasmiylarining G`arb davlatlariga bo`lgan ilk safari sifatida qaralmoqda.

Germaniya Tashqi ishlar vazirligining Uznews.net axborot agentligiga bergan ma`lumotiga ko`ra, safardan maqsad O`zbekiston qamoqxonalaridagi vaziyatni yaxshilash bo`yicha muzokara o`tkazishdir.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilot Human Rights Watchning yaqinda e`lon qilgan yillik hisobotida 2006 yil O`zbekistonda inson huquqlari bo`yicha eng yomon yil sifatida qayd etilgan. Tashkilot hisobotiga ko`ra, O`zbekiston qamoqxonalarida qiynoqlar qo`llanilishi davom etmoqda.  

Human Rights Watch, AQShning o`zida inson huquqlari buzilishi rasmiy Vashingtonni bu boradagi kurashini cheklamoqda, O`zbekistonga ta’sir o`tkazishi mumkin bo`lgan boshqa G`arb davlatlari, jumladan Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Germaniya bu borada yumshoq siyosat yuritmoqda, degan fikrda.

O`zbekiston va Yevropa Ittifoqi o`rtasidagi muzokarada Xalqaro Qizil Xoch Jamiyatining O`zbekiston qamoqxonalariga kirishiga ruxsat berilishi masalasi ham ko`tarilgani bildiriladi.

Xalqaro Qizlil Xoch jamiyatining Toshkentdagi vakili Pyer-Emmanuel Dyukruega (Pierre-Emmanuel Ducruet) ko’ra, Qizil Xoch jamiyati va O`zbekiston hukumati o`rtasidagi muzokaralar davom etmoqda. 

Qizil Xoch Jamiayati vakili avval bergan ma`lumotlarida O`zbekiston qamoqxonalariga kirish uchun shu yil boshida ruxsat berilishiga umid bildirgan edi.

O`zbekiston huquq himoyachilari Germaniya elchixonasi, Tashqi ishlar vazirligi va O`zbekiston Bosh prokuraturasi oldida, Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston o’rtasidagi muzokaralarga bag’ishlab bir necha bor namoyish o`tkazgan edi.

Piketlarda Qizil Xoch Jamiayatiga qamoqxonalarga kirish uchun ruxsat berilishi va siyosiy mahbuslarni ozod etish talab qilingan, biroq biron natijaga erishilmagan.

Huquq himoyachilari alyansi vakili Jahongir Shosalimov O`zbekiston rasmiylarining bu masalada Germaniya bilan muzokara qilishini ijobiy hodisa deydi.

“Yevropa Ittifoqi tomonidan qattiqroq sanksiyalar qo`llanishi bilan O`zbekiston ichkarisidagi vaziyat o`zgaradi degan fikrlarga qo`shilmayman. O`zbekiston ichkarisidagi ahvolni faqat shu yerda yurgan, millat qayg`usidagi jonkuyarlargina hal qiladi. Hokimyat bilan shunday jonkuyarlar o`rtasidagi muloqot O`zbekistonni halokatdan saqlab qolishi mumkin”, - deydi Shosalimov.

O`zbekiston huquq himoaychilarini tashvishlantirayotgan masala ularga nisbatan tazyiqlarning kamaymayotganidir.

Yaqinda huquq himoyachilari alyansi yetakchisi Yelena Urlaeva noma`lum ayollar tomonidan kaltaklab ketilgan edi. Firibgarlikda ayblanib qamoqda saqlanayotgan huquq himoyachisi Mo’tabar Tojiboyevaning ukasi Rasul Tojiboyev opasiga nisbatan qiynoqlar davom etayotganini bildirgan.

Unga ko`ra, Tojiboyevaning advokat bilan uchrashishiga hamon to`sqinlik qilinmoqda, uning o`zi esa ketma-ket berilgan jazolar oqibatida sog’lig’ini yo`qotmoqda.

Hozirga kelib mustaqil jurnalist Ulug’bek Haydarov, huquq himoyachilari Yodgor Turlibekov va O`ktam Pardayevlar ozodlikka chiqarilgan, biroq yana o`nlab huquq himoaychilari hibsda saqlanishda davom etmoqda. Ular nisbatan turli ruhiy qiynoqlar o`tkazilmoqda.

O`zbekistonda Yevropa Ittifoqi bilan boshlangan muzokaralarga turlicha qarashlar mavjud.

Ayrim kuzatuvchilar muzokaralar boshlanishini ijobiy hodisa sifatida qayd etsa, boshqalar nazarida Yevropa Ittifoqi O`zbekistondagi inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatani e’tiborsiz qoldirmoqda. O`zbekiston hukumatiga nisbatan qo`llangan sanksiyalar kuchaytirilgan taqdirdagina natijaga erishish mumkin, deydi ular.

Huquq himoaychisi Baxtiyor Hamroyev nazarida O`zbekiston hukumati uch-t`ort huquq himoyachisini ozod etish, ularga vaqtinchalik tegmaslik bilan cheklanishi mumkin. Biroq maqsadiga erishgach ta’qiblar qaytdan boshlanadi.

“O`zbekiston hukumati Yevropa davlatlari, Yevropa paralamentini aldaydi, bularning hammasi navbatdagi o`yin. O`zbeklistonda diktatura rejimi bor ekan hech qanday o`zgarishlar bo`lmaydi”, - deydi Hamroyev.

Shu yilning fevral oyida Yevropa Ittifoqi O`zbekistonga qo`yilgan sanksiyalarini  qayta ko`rishi kutilmoqda.

Amaldagi sanksiyaga ko`ra, O`zbekistonga qurol-yarog` sotilshi, shuningdek Andijon fojeasida tinch aholiga nisbatan kuch ishlatishida ayblangan bir qator rasmiylarning Yevropa Ittifoqiga kirishi ta`qiqilangan.