AQSh kelasi yilgi prezident saylovlariga taraddud ko’rmoqda. O’zbekistonlik siyosatshunoslar fikricha esa saylovda kim g’olib bo’lishidan qat’iy nazar, O’zbekiston va AQSh aloqalari murakkabligicha qoladi.

Siyosatshunos Tursunboy Qoratoyev muammo AQSh ma`muriyatining demokratiyani kuch bilan singdirish usulidan voz kechishiga bog`liq deydi. 

“Agar bu masalada demokratlar yoki respublikachilar yutib chiqib, dunyodagi mamlakatlarga o`zining demokratiya haqidagi tushunchlarini kuch bilan tiqishtirish, ichki ishlarga aralashish siyosatidan qaytsa, ishonchim komilki, O`zbekiston va AQSh aloqalari yana qayta rivojlanib ketadi”, - deydi Qoratoyev.

Siyosatshunos Farhod Tolipov fikricha  O`zbekiston va AQSh aloqalari sovuqlashgandan keyin AQSh tomonidan munosabatlarni tiklash uchun harakatlar qilingan. Lekin aloqalarning tiklanishi uchun O`zbekistonda ham o`zgarishlar kuzatilishi kerak.

“AQShda prezidentlikka demokratlar yoki respublikachilar keladimi – demokratiyani qo`llab-quvvatlash prinsipi AQSh siyosatining bosh g`oyasi  bo`lib qolaveradi. AQShning boshqa davlatlarga yordami ham u davlatda demokratik o`zgarishlar qanchalik amalga oshayotganiga qarab belgilanadi”, - deydi Tolipov.

Tursunboy Qoratoyevning so’zlariga qaraganda, AQSh mintaqada Rossiya, Xitoy va Hindiston kabi mamlakatlarning mavqei oshayotgani bilan hisoblashishi, o`z tashqi siyosatini qayta ko`rib chiqishi shart.

Farhod Tolipov AQSh siyosatida neft-gaz, terrorizmga qarshi kurash kabi geosiyosiy maqsadlar yo`lida demokratiyani qo`llab-quvvatlshdan chekinish qisman kuzatilgan bo`lishi mumkin deydi.

Lekin 2002 yilda  AQSh qabul qilgan davlat xavfsizlik strategiyasida ham hamkorlik faqat demokratik o`zgarishlar yo’lidan borayotgan davlatlar bilan o`rnatilishi belgilab qo`yilgan.

Andijon fojealaridan so`ng AQSh O`zbekiston hukumatini namoyishlarni kuch bilan bostirganlikda ayblagan. AQSh Davlat Departamenti ma’lumotiga ko’ra, O`zbekiston dunyoda inson huquqlari va e’tiqod erkinligi qo`pol buzilayotgan davlatlardan biri. 

Yaqinda AQSh prezidenti Jorj Bush O`zbekiston demokratik tamoyillardan chekinayotganligini yana bir bor ta’kidlab o`tdi. 

Rasmiy Toshkent AQShni mamlakatning ichki ishlariga aralashayotganlikda va O`zbekistonda rangli inqiloblarni rag’batlantirishga urinayotganlikda ayblab keladi.

O'zbekiston rahbariyati bilan muloqot qilgan AQSh diplomatlari aloqalar turli yo'nalishlarda ekani, iqtisodiy islohotlarni quvvatlash, yonilg'i manbalarini rivojlantirishda ko'mak berish, madaniyat va ilm-fan sohasida hamkorlik qilish ham munosabatlarning bir qismi ekanini ta'kidlaydi.

Biroq mutaxassislar nazarida AQSh rasmiylarining Toshkentda onda-sonda qilayotgan tashriflari bilan ish bitmaydi. Tashrif umid uyg'otadi, biroq samara bermayapti, deyishadi ular.

Siyosatshunoslar fikricha har ikki tomon aloqaning mustahkam bo'lishi qanday manfaat keltirishini o'ylashi lozim.