10 iyul, 2008
Qimmat yonilg'i ayrim davlatlar siyosatini o'zgartirmoqda
Jahon bozorida neft qimmatlashib borarkan, bu AQSh prezident saylovlari
kampaniyasida ko’p muhokama qilinayotgan mavzuga aylangan. Yonilg’ining
qimmatlashayotgani jahon siyosatiga ham ta’sir qilmoqda. Ayrim
davlatlar esa ana shu ta’sir ostidan chiqish uchun yonilg’ining muqobil
manbalarini rivojlantirishga kirishgan.
Vashington universiteti mutaxassisi Jeyms Robbinsning aytishicha, Qo’shma
Shtatlar yonilg’i importi bo’yicha birinchi o’rinda turadi va
iqtisodiyoti asosan shu mahsulotga bog’liq.
"Yonilg’ining
turli manbalaridan foydalanish imkoniyati bo’lsa, iqtisodiyot
rivojlanishda davom etadi. Yonilg’i narxining o’sishi yalpi ichki
mahsulotga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. Jahon bozorida resurslar
cheklangan, xaridorlar esa ko’p. Shu sabab narxlar ko’tarilmoqda. Bu
AQSh iqtisodiyotining o’sishiga to’sqinlik qilmoqda."
Bu
omillarning AQSh va jahon iqtisodiyotiga tahdidi qay darajada? Chunki
neft ishlab chiqarayotgan ayrim davlatlardagi siyosiy vaziyat beqaror.
Jeyms Robbinsning aytishicha, beqarorlik narxlarning qimmatlashishiga olib kelayotgan omillardan.
"Yaqin Sharqda shunday davlatlar borki, narxlarning
balandligidan qo’shimcha daromad ko’rib, pulni AQShga qarshi
mafkuralarga sarflaydi. Terrorizmini qo’llab-quvvatlaydi. Bu esa AQSh
va jahon tinchligiga rahna solmoqda."
Bunday
davlatlarni sanksiya va boshqa diplomatik choralar bilan jazolash ish
bermayapti. AQShlik mutaxassis fikricha yonilg’iga zor mamlakatlar
Eron, Sudan va Birma kabi gaz va neft eksport qiluvchi davlatlardagi
inson huquqlari buzilishlariga ko’z yumadi. Ulardan biri Xitoy.
"Xitoyning
rivojlanayotgan iqtisodiyoti uchun yonilg’i juda zarur. Ularning inson
huquqlari bilan ishi yo’q. Beqaror davlatlar bilan bu sohada hamkorlik
qilish uzoq muddatda foyda keltirmaydi. Ammo Xitoyni bu hol
tashvishlantirmaydi chamasi," deydi Robbins.
Beqaror davlatlarga
sarmoya qilish jahondagi beqarorlikni yanada kuchaytiradi. AQSh buning
oldini olishga harakat qilmoqda, deydi yana bir siyosatshunos,
Kaliforniya universiteti professori Maykl Ross.
"Qo’shma
Shtatlar Xitoy hukumatiga inson huquqlariga ko’proq e’tibor qaratish
kerakligi haqida gapirib keladi. Xitoy hukumati AQSh talablariga quloq
solayotganday bo’lyapti. Bundan tashqari AQSh yonilg’ini tejaydigan
texnologiyalarni rivojlantirish bobida Xitoy bilan hamkorlik qilyapti.
Agar Xitoyning yonilg’iga tobeligi kamaysa, inson huquqlarini
buzayotgan davlatlardan gaz va neftni sotib olish ham kamayadi."
Yonilg’ining qimmatlashishi nafaqat uni sotib olayotgan, balki uni sotayotgan davlatlarga ham ta’sir qilmoqda.
Vashington
universiteti professori Jeyms Robbinning aytishicha, Rossiya buning
natijasida jahondagi mavqeini tiklamoqda.
"Eron daromadining katta
qismini mudofaaga sarflamoqda. Venesuela esa ijtimoiy dasturlarga.
Buning oqibatida Venesuelada boshqa sohalar rivojlanmay
qolishi mumkin," deydi u.
AQSh iqtisodiyotining xorijiy yonilg’iga
tobeligi Oq Uy ma’muriyatining inson huquqlari va demokratizatsiya
bobidagi harakatlarini cheklab qo’ymoqda.