O’zbekistonda, deya bildiradi ayrim xalqaro moliya tashkilotlari, xususiy sektor uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda va iqtisodiy islohotlar samara bera boshlagan.

Ammo ayrim tadbirkorlar bu xulosalarga qo’shilmaydi. Qonunchilikdagi o`zgarishlar va amaldagi vaziyat bir-biriga mos emas, deydi ular.

O’zbekiston matbuotida Xalqaro Moliyaviy Korporatsiya e`lon qilgan yillik hisobot keng yoritilmoqda. 

Dunyoning 170 dan ortiq mamlakatida tadbirkorlar uchun yaratilgan muhitni tahlil qilgan bu hisobotda O`zbekistonga ijobiy baho bergan.  

Mamlakatda kichik korxonalarni davlat ro`yxatidan o`tkazish soddalashtirilgan, litsenziya va ruxsatnomalar muddati uzaytirilgan, soliq foizlari muntazam tushib bormoqda, biznesni ixtiyoriy tugatish jarayoni tartibga keltirilgan va hokazo deyiladi unda.

Xalqaro Moliyaviy Korporatsiyaga ko`ra, kichik biznesni rivojlantirish uchun amalga oshirilayotgan islohotlar O`zbekistonni mintaqada yetakchi davlatga aylantirishi mumkin.

Mahalliy tadbirkorlar fikricha, O`zbekistonda tadbirkorlar uchun sharoit bundan 10-15 yil avvalgi sharoitga qiyoslaganda ancha og`irlashgan.  

“93-94 yillarda juda ham yaxshi edi, hozir unchalik emas. U paytda ustav fondi ming so`mgacha tushirilgan, hatto ustav fondisiz ham korxonani ro`yxatga olish mumkin edi. Turli tekshirishlarga barham berilgan edi. To`siqlar juda ko`p”, - deydi kichik biznes bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlardan biri.

Yaqinda Xalqaro Moliyaviy Korporatsiya vakillari O`zbekistonda bo`lgan va “Uzbek Leasing International” kompaniyasi bilan kichik biznesni rivojlantirish maqsadida 3 million dollar miqdorida kredit shartnomasi  imzolashgan edi.

Keyingi paytda O`zbekiston bilan hamkorlikni tiklayotgan Xalqaro Valyuta Jamg’armasi, Jahon Banki kabi tashkilotlar qatoriga Xalqaro Moliyaviy Korporatsiya ham qo`shilmoqda.

Sharhlovchilarning aytishicha, xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan tiklanayotgan aloqalar iqtisodiy muhitdagi o`zgarishlar bilan emas, G`arb-O`zbekiston muloqotining jonlanishi bilan izohlanadi.

Tadbirkor nazarida xususiy biznes rivoji uchun qabul qilinayotgan qaror, qonunlarga e`tiroz bo`lmasligi mumkin, biroq bu qonunlar faqat qog`ozda.

“Qonunlar yaxshi, lekin ularning ijrosi… Raqobat ham bor, halol raqobat bo`ladi, g`irrom raqobat bo`ladi, ish soatlari aniq belgilanmagan, maoshlar oz”, - deydi tadbirkor.

Ta`kidlanayotgan fikrlarga ko`ra, hozirgacha qabul qilingan qarorlar minglab tadbirkorlarni biznes sohasidan siqib chiqargan, savdo-tijorat yo`nalishi asosan hokimiyatga yaqin qatlam qo`lida.   

O`zbekiston xalqaro tashkilotlarning tanqidiy hisobotlariga e`tibor bermay keladi. Biroz avval Xalqaro Tinchlik Fondi 2008 yilda dunyo davlatlarida ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni tahlil etib hisobot e`lon qilgan edi.

Bu hisobotda asosiy mezonlar - iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy vaziyat va demokratik ko`rsatkichlar.

Tahlilga ko`ra, iqtisodiy o`sish to`xtab qolgan, qonunlar ishlamaydi, korrupsiya yuqori, daromad ko`rish sanoqli doira vakillariga tegishli, shuningdek, mamlakatdan millionlab odamlar chiqib ketmoqda – bularning barchasi O`zbekistonni dunyodagi eng zaif davlatlar qatoriga qo’shmoqda.

Mustaqil iqtisodchi Jahongir Shosalimov iqtisodiy vaziyat bois aholi tashqaridan non topishga majbur deydi.

“Ayniqsa, cho`l zonalarida shunaqangi tahlikali vaziyat yuzaga kelganki, aholi mamlakatdan qochib chiqib ketayapti. Bu muammoni hukumat oldiga chiqarishning iloji bo`lmagani uchun ham odamlar ketishga majbur”, - deydi Shosalimov.

Iqtisodiy o`sish haqidagi rasmiy hisob-kitoblarga ko`ra, O`zbekiston MDH doirasida yetakchi davlatlardan biri, biroq sharhlovchilar mamlakatdagi real iqtisodiy ahvol rasmiy ma`lumotlardan keskin farq qilishini ta`kidlab keladi.