Bu arboblar fikricha Amerika hukumati uzoqni ko’zlab ish tutganida va umumbashariy manfaatlar xususida ko’proq qayg’urganida edi, Bosniya, Ruanda va Darfur degan joylarda minglab insonlar yoppasiga qirilib ketmagan bo’lardi.
Yaqin o’tmishda AQSh tashqi
siyosati uchun javobgar bo’lgan Madlen Olbrayt va sobiq mudofaa vaziri Vilyam
Koen e’tiborni mudhish jinoyatlarga qaratmoqda. Har ikkisi Bill Klinton davrida xizmat qilgan. Bu davrda Ruanda va Bosniya kabi
o’lkalarda insoniyat shafqatsiz voqealarga guvoh bo’lgan – genotsitga. Madlen Olbayt fikricha AQSh qatliomlarning oldini olish uchun barcha
imkoniyatlarni ishga solishi kerak.
"Har qanday qatliomni qoralab, unga yo’q deyish payti yetgan. Loqaydlikka
o’rin yo’q, bugungi zamonda”,- deydi u. O’tmishdagi xatolardan saboq olish kerak, deydi Olbrayt xonim. Bu borada maxsus dastur islab chiqqan arboblar yangi prezident Barak Obama uni
ma’qullab, amalga oshiradi degan umidda. Toki, deydi ular, zolim rahbar va
yetakchilar AQSh ularni kuzatayotganini bilsin. “Obama Darfur va Kongodagi vaziyatdan tashvishda ekanini, Amerika u yerdagi
qatliomlarga qarshi chora ko’rishi lozimligini aytgan. Amaliy qadamlar tashlash
vaqti yetdi. Genotsitlarning oldini olish mumkin va Qo’shma Shtatlar bunga qodir, deydi Madlen Olbrayt. Bu esa ogohlik, axborot
almashish va oshkora siyosat talab qiladi. Mojaroli nuqtalardan ko’z uzilmasin.
Qurol-aslaha savdosi ustidan nazorat oshirilsin. Barak Obama tavsiyalarni ko’rib chiqishini, bu masala uchun mas’ul vakil
tayinlashini aytgan.
AQSh tashqi siyosatini amalga oshirish, Kongress ma’qullasa, Xillari Klinton zimmasiga topshiriladi. Amerikaning global maqsadlarini tushuntirish ham.
Davlat kotibi bo’lishga
taraddud ko’rayotgan Klinton fikricha Darfurdagi vaziyatni nazorat ostiga olish
asosiy maqsadlardan biri. Vilyam Koen genositlar
to’xtatilmas, ularning oldi olinmas ekan, hamma tahdid ostida, deydi.
"AQSh va butun dunyo qotilliklarga qarshi turishi lozim",- deydi Koen. Tarix qatliomlarni kechirmaydi. Etnik va diniy nizolar alanga olmasligi uchun
ular ortidagi sabablar, muammolar hal etilishi lozim.
