Xalqaro Valyuta
Jamg`armasi vakillari 8-19 dekabr kunlari Toshkentda bo’lib, iqtisodiy vaziyat
bilan tanishgan. O`zbekiston
hukumati va bu jamg’arma e`lon qilgan bayonotga ko`ra respublikada 2008 yilda
iqtisodiy o`sish qayd etilgan, biroq inflyatsiya darajasi hamon yuqori. Bayonotda ta`kidlanishicha,
jahon iqtisodiyotidagi pasayish sabab 2009 yilda O‘zbekiston eksport tovarlariga
talab kamayishi va pul o`tkazmalari qisqarishi mumkin.
“O‘zbekiston iqtisodiyoti
rivojlangan davlatlar moliya bozorlari bilan to‘liq integratsiyalashmaganligi
sababli xorijiy kreditlar va kapital oqimining keskin kamayishi hisobidan
jiddiy zarar ko‘rish ehtimoli yo‘q”, - deyiladi bayonotda.
O`zbekiston global inqirozning
salbiy ta`sirini yumshatish uchun moliyaviy barqarorlikni ta`minlash va inflyatsiyani
pasaytirish bilan birga aniq choralar ham ko’rishi zarur.
Xalqaro Valyuta
Jamg`armasi missiyasi ushbu qaydnoma bilan chiqar ekan, mahalliy faollardan iborat “Xalq
diplomatiyasi” klubi ham bugungi ahvolga o’z munosabatini bildirmoqda. Ziyolilardan
iborat klub a’zolari nazarida moliyaviy inqiroz o`zbek so`mining
qadrsizlanishi, ishsizlar sonining yanada ko`payishi, qashshoqlik
chuqurlashishi va ijtimoiy tushkunlikka olib borishi mumkin. Bu
tahlilchilar fikricha hukumatda inqiroz qarshi aniq bir dastur yo`q va masala
jamoatchilik orasida, axborot vositalarida muhokamaga qo’yilmayapti. “Qozog`iston
hukumati krizisga qarshi dastur qabul qildi. Bizda biror dastur qabul qilingani
ma’lum emas. Bu masalani hatto muhokama qilishga qo`rqamiz. O`zbekiston chet
elga gaz, paxta, uran sotayapti. Bu mahsulotlarning narxi qanchalik tushdi,
qancha zarar ko`rildi”? - deydi klub
vakili Komron Aliyev. Tahlilchi
Jahongir Shosalimov sharhlashicha krizis O`zbekiston avtomobil sanoatiga zarba
bergan. “O`zbekistonda
ishlab chiqarilgan va Qozog`iston,
Rossiya va Ukrainaga yuborilgan avtomobillar qaytarib yuborildi. Ikkinchidan,
bu mashinalar mamlakat ichida AQSh dollariga sotilayapti. O`zbekiston hukumati amerikaliklar
bilan tuzilgan shartnomaga ko`ra, sotilgan mashinalarni konvertatsiya qilib
bera olmayapti”, - deydi u. “Xalq
diplomatiyasi” klubi a’zolari iqtisodga bog`liq aniq statistik ma`lumotlarga
ega emas va iqtisodni chuqur biladigan mutaxasisislar ham kam. Biroq, deydi
ular, inqiroz oqibatlarini sezish va uning alomatlari haqida gapirish uchun kundalik
turmushda dalil-isbot yetarli. “Masalan,
mamlakatda smentga bo`lgan talab 20 foizga tushib ketgan”, - deydi Abdulla
Tojiboy og`li. Moliyviy
inqirozning yana bir oqibati minglab mehnat muhojirlarining ishdan ayrilib,
vatanga qaytib kelayotgani. O`zbekiston
aholisining katta qismi mehnat muhojirlari daromadi bilan kun ko’radi. Muhojirlar
topgan pul tovar- savdo aylanmasini, moliya tizimi, xaridorlik quvvatini ushlab
turgan edi. Yaqin kelajakda o`zbek so`mi yanada qadrsizlanishi mumkin. “Avval
boshda bir so`mga ikki qozoq tangasi sotib olish mumkin edi. Hozirga kelib bir
tanga 12 so`mga ko`tarildi. Hukumat “krizis bizga unchalik tegishli emas”
deyapti. Haqiqatda esa mamlakatda inqiroz 17 yildan buyon davom etayapti, Korrupsiya
bu jamiyatni yemirib bormoqda” – deydi klub a’zolaridan biri Fayzulla Isxoqov.
