Amerika ayni damda vatanparvarlik ruhiga     cho’mgan.  

Yangi prezident qasamyod keltirish arafasida ekan, poytaxt Vashingtonda bayram kayfiyati hukm surmoqda.

Inauguratsiya tantanalari avjida. 

    Mamlakatning 16-prezidenti, AQShda qulchilikka qarshi kurashgan, bu davlatni     1861-65 yillardagi fuqaro urushi davrida boshqargan Avraam Linkoln     yodgorligi poyida o’nlab mashhur xonandalar konsert berdi. Taniqli arboblar va Gollivud yulduzlari sahnaga chiqdi. 

Barak Obama u yerdan turib yarim     millionga yaqin tomoshabinga murojaat qildi.  

“Vatanni qanchalik     ardoqlashimiz bugungidek og’ir kunlarda fuqaro sifatida uning ravnaqi uchun     nima qila olishdan boshlanadi”,- deydi yangi saylangan rahbar.

“Amerika     Qo’shma Shtatlari kelajakkka umid bilan qarashga o’rgangan. Davlatimiz     asoschilari bunga zamin yaratgan. Ularning orzu-armonlarini ro’yobga     chiqarishda davom etish bizning qo’limizda”,- dedi Obama.  

“Amerikaliklar     har qanday qiyinchilikka dosh bera oladigan xalq. Iqtisodiy tanazzulda     ekanmiz, bu yurt farzandlari o’zga yurtlarda urushda ekan, bugungi kunga     sinov deb qarang. Men vatanim uchun nima qila olaman deb o’ylang”,- dedi     Obama.

Linkolnga har tomonlama o’rnak deb qaraydigan Obama, prezidentlik     qasamyodini qo’lini undan qolgan Injilga qo’yib keltiradi.

Obama     va vitse-prezidentlikka tayyorlanayotgan Jo Bayden urush qahramonlari dafn etilgan     Arlington qabristonida noma’lum askar qabriga gulchambar qo’ygan.

Millionlab amerikaliklar poytaxtni kezar ekan, xavfsizlik choralari     mustahkam. Shaharga ertaga faqat     davlat mashinalari kiritiladi xolos. Katta ko’prik va yo’llar berkitiladi.

47 yoshli Barak Obama Amerikaning ilk qora tanli rahbari bo’ladi. Uzoq yillar     irqchilikdan aziyat chekkan fuqarolar uchun bu azaliy orzu ushalganidir. 

Tenglik uchun kurashgan Melba Klark dilidagi gaplarni "Amerika Ovozi" ga to’lqinlanib,     ko’zida yosh bilan aytadi. 

“Bu millionlab insonlarning armoni edi. Men qora     tanlilar qanchalik ezilgani, o’z huquqlarini talab qilib chiqqanida     qanchalik yanchilganining tirik guvohiman”,- deydi u.

“Qancha-qancha odamlar uzoq yillar     irqchilikka qarshi kurashgan. Afsuski, ularning ko'pi bu kunlarga yeta olmadi. Obamaning     saylanishi dunyoda haqiqat va adolat borligidan dalolat”,-deydi onaxon .

“Bundan 45 yil avval Vashingtonda xuddi shu joyda Martin Lyuter King o’z     orzulari haqida gapirgan, bir kun kelib farzandlarimiz bu ulug’ yurtda teng     huquqli insonlar bo’ladi degan edi. Huquqni hamma narsadan ustun qo’ygan     insonning bu orzulari bugun ro’yobga chiqmoqda”,- deydi keksa     afro-amerikaliklardan biri Jemi Folton.

Barak     Obamaning prezidentlikka kelishi har bir amerikalik uchun ham faxr, ham     davlat oldinga intilayotganidan darak, deydi oq tanli Pamela Bridjes. Obama, deydi u, yangi avlod, yangi zamon vakili.  

“Amerika unga ulkan     umidlar bog’lagan va u qatori porloq kelajak uchun birga ter to’kadi”,-deydi     bu ayol.      

Ertaga, 20 yanvar kuni, Obama prezidentlik qasamyodini keltirayotganida Kapitoliy qarshisidagi     markaziy xiyobonda ikki milliondan ortiq kishi bo’lishi kutilmoqda.     Inauguratsiya marosimida tarixda buncha ko’p kishi qatnashmagan.