Bu yil 48 yoshini qarshilaydigan Obama Gavayi shtatida dunyoga kelgan.

Otasi keniyalik, qora tanli musulmon, onasi esa Kanzas shtatilik oq tanli nasroniy bo’lgan. Otasi keyinroq oilani tark etadi va Barak Obama asosan bobosi va buvisi qo’lida katta bo’ladi. Onasi indoneziyalikka turmush chiqqach, Obama u mamlakatda ham bir necha yil yashaydi.

Barak Obama siyosiy faoliyatini 1990-yillarda Chikagoda boshlagan. 

Obama, ko’pchilik nazarida, Amerikaning asl farzandi. Turli irq, din va etnik guruhlar qorishmasi.  

Nufuzli oliygohlar - Kolumbiya va Garvard universitetlarini tamomlagan. Kasbi advokat, ammo yuridik firmalarda emas, ijtimoiy muassasalarda ishlagan. Huquqdan ham dars bergan. 

Chikagoda jamoatchi faol sifatida tanilib olgach Illinoys shtati senatiga saylangan.  

Katta siyosiy sahnaga esa 2004 yilda ko’tarildi. Jon Kerri Jorj Bush o’rniga prezidentlikka saylanishga harakat qilayotganida, demokratlar qurultoyida so’zlab amerikaliklar diliga va tiliga tushdi.

Xalq siyosiy o’yinlardan charchagan bir damda Obamadek so’zga chechan, xushbichim va zehnli yigit bir zumda Amerikadagi eng mashhur insonlardan biriga aylandi. Odamlarni birdamlik, adolat va siyosiy faollikka undadi.

O’sha yili Barak Obama AQSh Kongressiga saylandi. Oradan ikki yil o’tib, prezidentlik uchun poygaga kirdi.  

Avvaliga demokratlar orasidan 10 ga yaqin nomzod bo’lgan bo’lsa, saralash musobaqalarida oxir-oqibat maydonda u va Xillari Klinton qoldi.  

Uzoq va qizg’in tortishuvlar ketidan Obama nomzodlikni qo’lga kiritdi va Oq Uy uchun respublikachi Jon Makkeyn bilan bellashdi.  

Saylovda “O’zgarishlar davri keldi” va “Kelajakka ishoning” degan shiorlari bilan ayniqsa yoshlarni o’ziga ergashtirdi.  

Obama 4 noyabrda prezidentlikka saylandi.

Obama ikki qizning otasi. Rafiqasi Mishel Obama ham Amerikaning nufuzli oliygohlarini bitirgan advokat. Yaqinda 45 yoshga to’ldi.

“Erim vijdonli va iqtidorli inson. U har jihatdan qobil prezident bo’ladi” deydi Mishel Obama.

AQShning navbatdagi vitse-prezidenti esa 66 yoshli, uzoq yillar senatorlik qilgan Jo Bayden. 

Bayden ham ishchi oilasida yetishgan. Senatga 30 yoshida saylangan. Vashinton siyosatining o’nqir-cho’nqir ko’chalaridan omon chiqqan arboblardan.  

Bayden Markaziy Osiyoga ko’p marta safar qilgan. O’zbekiston va qo’shni davlatlardagi hayot bilan yaxshi tanish.