Muxolifatdagi “Serquyosh O`zbekistonim” koalitsiyasi yetakchilari Sanjar Umarov va Nodira Hidoyatova O`zbekiston jinoyat kodeksining 8 dan ortiq moddalarini buzganlikda ayblanmoqda. Muxolifat vakillari boshlanishi kutilayotgan sud jarayonining  yopiq o`tishi mumkinligi haqida tashvish bildirmoqdalar. 

O`zbekiston prokuraturasi tomonidan iqtisodiy jinoyatlarda ayblanayotgan Sanjar Umarovning advokati Vitaliy Krasilovskiyning ma`lum qilishicha, Sanjar Umarov ustidan tergov harakatlari 30 dekabrgacha tugatilgan va jinoiy ish Toshkent shahar sudiga  oshirilgan.

“Hozircha jinoiy ish kim tomonidan ko`rilishi aniq, biroq sud boshlanish kuni ma`lum qilingancha yo`q. Ayblov xulosalari haqida oldindan biron narsa demoqchi emasman, faqat sudning xolis yondoshivuga umid qilamiz”,  -  deydi Vitaliy Krasilovskiy.

Muxolifatdagi koalitsiya tarkibiga kiruvchi “Ozod Dehqonlar” partiyasining raisasi, Sanjar Umarovning singlisi Nigora Hidoyatovaga ko`ra sud boshlanishining  cho`zilayotganligiga sabab -  Sanjar Umarov va Nodira Hidoyatovalarning o`z ayblariga iqror bo`lmayotganliklaridir.

“Aynan shuning uchun ham sud jarayonlari yopiq o`tkazilishi mumkinligidan xavotirdamiz, -  deydi u.

“Qo`yilgan aybnomalardan eng og'iri 243-modda. Bu  modda 15 yilgacha qamoq jazosi berilishini ko`zda tutadi. Ular nafaqat iqtisodiy jinoyatda ayblashyapti balki, unga ayblovlarni siyosiylashtirishga urinishayapti. Agar faqat iqtisodiy jinoyatlar bilan ayblanilganda, jinoiy ish liberallashtirilgan jinoiy moddalar tarkibiga kirishi mumkin edi.  243-modda esa hech qanday aministiya va jazo turlarini o`zgartirishni nazarda tutmaydi”, - deydi Nigora Hidoyatova.

Sanjar Umarov va koalitsiya muvofiqlashtiruvchisi Nodira Hidoyatovalar  iqtisodiy talon-taroj qilishda ayblanib bir necha oy oldin hibsga olingan edilar. Kuzatuvchilar va koalitsiya vakillariga ko`ra bunga sabab ularning siyosiy faoliyatlari bo`lgan. Sanjar Umarov O`zbekiston hukumati iste'fosini so`rab, bayonot bilan chiqqan edi. 

AQSh Kongressi esa Sanjar Umarov bo`yicha maxsus rezolyutsiya qabul qilgan. Unda muxolifat vakilining siyosiy faoliyati uchun tayziqqa uchrashi yuzasidan xavotir bildirilgan.