Markaziy Osiyo xalqlari orasida qirg’iz va qozoq eli bir-biriga har jihatdan yaqin sanaladi. Tili, yuz tuzilishi, taomlariyu ust-boshi o’xshash.

Qirg’izistonda aholining bir foizi, ya’ni taxminan 40-45 ming kishi qozoqlar. Ko’pi Qozog’iston bilan chegara yaqinida yashaydi. Jamoa uchun tili va madaniyatini saqlab qolish – dolzarb mavzu.

15 yil muqaddam O’sh viloyatida tashkil topgan Qozoq milliy-madaniy markazi an’analarni ardoqlab, yoshlarga ta’lim sohasida yordam berishni maqsad qilgan.

Markaz rahbari Dauranbek Jaymagambetovning aytishicha hozirda O’sh shahrida 300 dan ortiq qozoq yashaydi.

“Tilni chuqurroq o’rgatish yo’llarini izlayapmiz”, - deydi u.

Hozir Qirg’iziston janubida yashovchi qozoqlarning ko’pi rus va qirg’iz tillarida so’zlashadi.

“Qozoqlar tilni unutmasligi kerak deb hisoblayman. Ota-onalarga farzandlar bilan qozoqcha gaplashing, deymiz. Qirg’iz tilini ham, albatta, bilish kerak. Inson o’z ona tili, urf-odatlari, kuy va raqslarini bilisi darkor”, - deya davom etadi Jaymagambetov.

Markaz Qozog’iston bilan aloqa o’rnatgan va ta’lim, madaniyatga doir masalalarni yechishda millatdoshlar ko’magiga tayanadi.

Qirg'izistondagi qozoqlar ona tilini unutmoqda

download iconDownload: MP3 | Windows Media

Right click (Control click for Mac) and choose Save Link/Target As

“Qozoq tilidan darsliklarimiz yo’q edi. Bu yil Qozog’iston elchihonasi bizga kitoblar berdi. Qozoq oilalariga tarqatmoqdamiz”, - deydi suhbatdosh.

Aksar jamoatchilik tashkilotlari kabi Qozoq madaniy markazi pul jihatdan qiynalib qolgan. Oddiy milliy libos, tadbirlar uchun ust-bosh yo’q.

“Qozoq milliy liboslarini tiktirish uchun mablag’imiz yetmaydi. Men o’zim ham bepul, volontyor qatori ishlayman. Yordam so’rab keladiganlar ko’p”, - deydi u.    

Iqtisodiyoti oqsayotgan, beqaror Qirg’izistondan bosh olib ketayotganlar orasida qozoqlar ham bor. Ko’pi ona yurtga yo’l olgan.

Qirg’izistonda qolayotgan qozoqlar esa “kindik qonim to’kilgan yurt shu” deydi. Yaxshi-yomon kunlarni mana shu davlatda, qardosh elatlar bilan birga baham ko’rishni afzal biladi ular.