1963-yilning 22-noyabri Amerika tarixiga qora kun sifatida kirgan. Prezident Jon Kennedi Texas shtatiga safari chog’ida otib o’ldirilgan. Bu mudhish voqea Dallas shahrida yuz bergan. Oradan qariyb 50 yil o’tib, Amerika xalqi yana o’sha kunlarni yodga olmoqda. Yaqinda “Kennedi tansoqchisi” (Kennedy Detail) deb nomlangan kitob nashrdan chiqdi. Muallif – sobiq maxfiy agent Klint Xill. Prezident hayotiga qasd qilinganida, uning yonida bo’lgan.
Maxfiy xizmatda uzoq yillar ishlagan Klint Xill uchun prezident Jon Kennedi xavfsizligini ta’minlash qiyin vazifa edi.
"Prezident Kennedi odamlar bilan bevosita muloqot qilishni yaxshi ko’rardi. O’rtada hech kim bo’lishini xohlamasdi".
1963-yil, 22-noyabr. Prezident omma bilan ko’rishmoqda.
Texasning bu qismida prezidentni uncha xush ko’rishmas edi. Maxfiy xizmat buni yaxshi tushungan.

VOA
Klint Xill - sobiq maxfiy agent, prezident Jon Kennedi o'limi haqidagi kitob muallifi
"O’ta konservativ qarashdagi odamlar yashaydigan hudud edi. Kennedi esa o’ta ketgan liberal rahbar edi… Maxfiy xizmat prezidentni qo’riqlash uchun odatiy choralar ko’rib qo’ygan edi. Bizning qo’limizda o’sha kuni biror tahdid yoki suiqasd ehtimoli haqida isbot-dalil yo’q edi".
Prezident mashinasi Dallasning Dili Plaza deb nomlangan maydoniga yetadi.
Klint Xill prezident limuzinidan keyingi mashinada edi.
"O’ng tarafdan birdaniga portlash ovozi eshitildi. Prezident tomog’ini ushlaganini ko’rdim, keyin u chapga surildi. Nimadir bo’lgan edi. Sakrab tushdim-da, prezident mashinasiga qarab yugurdim. Xavfni to’smoqchi edim.

VOA
Jon Kennedi "Amerika Ovozi"da
Prezident mashinasiga yetay deganimda, uchinchi o’q uzildi, prezident boshiga tegdi. Jarohat juda katta edi, qon, miya… Hammasi mening ustimga otilib chiqdi... Shuningdek, Kennedi xonimga. U yordam berishga urinardi… Dahshatli vaziyat edi. Prezident qattiq jarohatlangan edi...Men Kennedi xonimni ushlab, uni o’tqizishga harakat qildim.
Shu damda prezident chap yoniga quladi, rafiqasi tizzasiga tushdi. Men ularni o’z tanam bilan yopdim… Orqadagi avtomashinaga qarab, “tamom” deya ishora qildim”.
Shu bir daqiqa Klint Xill uchun eng dahshatli damlar bo’lgan.
"Men o’zimni aybdor deb hisoblayman. Prezidentni asray oladigan yagona agent edim o’shanda".
Voqea butun mamlakatni dahshatga keltirdi, maxfiy xizmatni ham.
Klint Xill yana uch prezident himoyasini ta’minladi, lekin 1975-yilga borib depressiya azobida iste’foga chiqdi.

AP
Li Xarvi Osvald, prezident Kennedi qotili. 1963-yil 22-noyabr kuni qo'lga olingan
2009 yilda Kennedi haqida kitob yozayotgan Liza MakKabbin u bilan suhbatlashgan.
“1975-yilda Klint Xill “60 daqiqa” ko’rsatuviga intervyu bergan. U taniqli intervyu, chunki Xill asabiylashib, yig’lay boshlaydi unda. Shundan keyin u ko’zga ko’rinmay qoldi”.
O’sha mudhish kuni Xill qatorida prezidentni qo’riqlagan boshqa agentlar ham tasfilotlar haqida gapira boshladi. Voqea ularning ham hayotida o’chmas iz qoldirgan.
“Kennedi tansoqchisi” kitobini yozib Klint Xill ancha o’ziga keldi.
“Ayniqsa boshqalar bilan kitobim haqida, o’sha voqea to’g’risida ochiqchasiga gaplashish, savollarga javob berish foydali bo’ldi, chunki savollar anchagina.”
Klint Xilldan ko’pincha prezident hayotiga qasd qilganlar necha kishi bo’lgan deb so’rashadi. Li Xarvi Osvald yagona qotil bo’lgan, deydi keksa agent. Tergov natijasi ham shuni ko’rsatgan.
Qiziqarli mavzular: Kennedilar oilasi va Amerika siyosati

