Bugun Amerika xalq qahramoni, bu jamiyatda tenglik va adolat uchun kurashgan Martin Lyuter Kingni xotirlamoqda.

Arbob irqchilikka barham berilmas ekan, bu davlat barbod bo’ladi, deya bong urgan, yurtdoshlarini o’ziga ergashtirib, millionlar qalbiga yo’l topa olgan shaxs edi.

U bundan 44 yil o'ldirilgan. Hayot bo'lsa bugun 83 ga qadam qo'yar edi.

Martin Lyuter King 1963-yilda “Bir orzum bor” deya Amerika xalqiga murojaat qilgan. Bu nutq jahon tarixiga eng qudratli satrlar sifatida kirdi.

Martin Lyuter King 1950-1960-yillarda irqiy tengsizlikka qarshi qurolsiz kurashning yosh rahbari sifatida tillarda doston edi.

“Amerikaning qudrati haq-huquqda, uning uchun kurashish mumkinligida”, - degan edi u.

Martin Lyuter King Jorjiya shtati Atlanta shahridan chiqqan ruhoniy edi. Irqiy kamsitishni qonunan taqiqlash yo’lida kurashdi.  Qora tanlilarni birlashtira oldi, yagona maqsad sari birga qadam tashlang, dedi.

O’sha damlarda segregatsiya, ya’ni irqiy ajratishni yoqlagan oq tanlilar o’zining ustunligini isbotlovchi qonunlarni olg’a surar, restoran, mehmonxona, kinoteatr, transport va maktablarda qoralardan chetlab yurar edi.

AP
Vashingtonda Martin Lyuter Kingni minglar olqishlamoqda

Martin Lyuter King 1955-yilning dekabrida Alabama shtatida jamoat transportida tenglik talab qilib, namoyishga chiqadi.

“Biz, afro-amerikaliklar bunday xo’rlikka ortiq chidab o’tirmaymiz”,- deydi u.

Bir yil o’tib, AQSh Oliy Sudi Alabamada avtobuslarda oqlar va qoralarni ajratishni konstitutsiyaga zid deb topdi. Bu Martin Lyuter King va uning tarafdorlarining birinchi g’alabasi edi.

Ruhoniy Kalvin Vuds o’shanda Alabamaning Birmingem shahrida Martin Lyuter King bilan ishlagan:

“Hamma bilan birday gaplashib ketaveradigan kamtarin inson edi. Odamlarni diqqat bilan tinglar, mazmunli suhbat qura olar va birovning dardini tushunar edi”.

“Bugun – yurtimiz tarixida eng yorqin kun. Adolat va erkinlikdan darak bu. Ushbu kunni siz bilan baham ko’rayotganimdan boshim osmonda”, - der edi King.

1963-yilning 28-avgustida minglab odamlar poytaxtda jamuljam bo’lgan. U yerda nafaqat afro-amerikaliklar, balki oq tanlilar ham ko’p edi. “Vashingtonga yurish” deya atalgan bu namoyishda Martin Lyuter King o’zining eng mashhur nutqini qilgan, ozodlik va tenglikni kuylagan.

“Bir orzum bor, to’rt farzandim bir kun kelib, ozod mamlakatda yashaydi,  ularni rangi emas, ahloq-odobiga qarab baholashadi, sevib, hurmat qilishadi”, - derdi ruhoniy.

Martin Lyuter Kingning komil Amerika haqidagi orzusi 1964-yilda shakl-shamoyilga kira boshladi. 35 yoshida u Tinchlik uchun Nobel mukofotining eng yosh sohibiga aylandi.

AP

Haq-huquqi uchun kurashgan fuqarolar esa qonunchilar va prezident Lindon Jonsonni qonunlarni yangilashga ko’ndiradi. Irqiy kamsitish jinoyat deb belgilanadi.

Qora tanlar teng huquqli fuqarolar deya tan olinadi.

“Amerika xalqi va dunyo ahli bilib qo’ysinki, biz afro-amerikaliklar bosh ko’tardik va hech qanday irqiy nafrat yoki to’siq to’xtata olmaydi bizni”, - dedi King.

Lekin u aynan nafrat qurboni bo’lgan. 1968 yilning aprelida Tennessi shtati Memfis shahrida Kingni o’ldirishadi.

Amerika o’zgardi, irqchilik kamaydi. 40 yildan oshiq vaqt o’tib bugun Martin Lyuter King sharafiga Amerika poytaxtida katta yodgorlik bunyod etildi.

Uning markazida - “Orzular Toshi”, Martin Lyuter Kingning qiyofasi bitilgan tosh. U atrofdagi sobiq prezidentlar haykallarini kuzatib turganday.