Arab dunyosi inqiloblarga yuz tutar ekan, qulagan eski tuzumlar o'rnini kim egallaydi? Ayrimlar nazarida Turkiyaning dunyoviy tizimi boshqalarga yaxshi namuna bo'la oladi. AQSh armiyasining iste'fodagi polkovnigi Ostin Bey yaqinda Turkiya Respublikasining asoschisi Mustafo Kamol Otaturk yaratgan tizim haqida kitob yozdi.
Amerikada Mustafo Kamol Otaturkni Ostin Beydan yaxshiroq biladigan, ko'proq sevadigan inson bo'lmasa kerak. Sobiq harbiy buyuk turk arbobining tarjimai holi bitilgan so'nggi kitob muallifidir.
"Ko'plab musulmon davlatlar Turkiyaga havas bilan qarashi sir emas. Bu juda ham jonli jamiyat, madaniyati boy, iqtisodiyoti gurkiragan", - deydi yozuvchi.
Turkiyada dunyoviy demokratik jamiyatning barpo etilishida Otaturkning hissasi katta, deydi Ostin Bey. Turkiya Birinchi jahon urushida mag'lubiyatga uchragach, hokimiyatga general Otaturk keladi.
"Dunyoviy demokratiya Turkiya tashqi va ichki siyosatidagi eng kuchli va eng muhim omildir", - deydi muallif.
VOA
Ostin Bey muallifligidagi Otaturk haqidagi yangi kitob
Yozuvchi Ostin Beyning aytishicha, Erdog'an o'tgan yil sentabrida Misr, Tunis va Liviyada bo'lganida, inqilobni boshdan kechirgan bu davlatlarga dunyoviy demokratiya qurishni tavsiya qilgan edi.
"Erdog'an "men dunyoviy odam emasman, ammo dunyoviy demokratik davlatda bosh vazirman" dedi", - deydi muallif.
Biroq razvedka ma'lumotlari bilan ish ko'ruvchi Stratfor xususiy kompaniyasi rahbari Reva Bxallaning aytishicha, bir davlat tizimini boshqa mamlakatlarga ko'chirish oson emas.
"Turkiya o'zini islom dunyosida namuna qilib ko'rsatishga, Yaqin Sharq davlatlari va G'arb o'rtasida vositachi bo'lishga harakat qiladi. Bu davlatlar ulkan o'zgarishlarni boshdan kechirmoqda, ammo nazariya bilan amaliyot o'rtasida katta farq bor", - deydi tahlilchi.
Reva Bxallaning aytishicha, repressiv rejimlarga qarshi kurashayotgan muxolif guruhlar xalqaro yordamga muhtoj, ammo tashqi kuchlarga tobe bo'lishni istamaydi.
"Ular o'z milliy manfaatlarini o'ylaydi. Turkiya va shu kabi yirik davlatlar chizgan chiziqdan yurmoqchi emas", - deydi Bxalla.
Ammo, deydi Mustafo Kamol Otaturk haqidagi kitob muallifi Ostin Bey, arab davlatlari Turkiyaning boshqa xususiyatlarini o'ziga olishi mumkin. Masalan, Otaturkning ma'rifat kuchiga ishonchi, deydi muallif.
"1923-yilgi nutqida Otaturk ma'rifatni farovonlikka yetaklovchi omil deb, Turkiya bunga o'z kuchi bilan erishishi kerak degan edi", - deydi yozuvchi.
Turkiyada iqtisodiy o'sish yiliga yetti foizdan ko'p ekan, buning asosiy sababi, deydi Ostin Bey, ma'lumotli turk yoshlaridir.

